Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
26 Iyul 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi axborot xizmati 332

Joriy yilning 25-iyul kuni O’zbekiston avtomobil transporti agenligi binosida Agentlikning 2018-yil yanvar-iyun oylari ish yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanni Agentlik boshlig‘i D.Dehqonov olib borib, jurnalistlarga Agentlikning 2018-yil yanvar-iyun oylari davomida avtotransport sohasini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724, 2018-yil 5-martdagi PQ-3584, 2018-yil 6 martdagi PQ-3589 qarorlari hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-iyundagi “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportini boshqarish tizimini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 434-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, islohotlar natijasida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar, ijobiy ko‘rsatkichlar, bugungi kunda avtomobil transporti sohasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi rejalar haqida ma’lumot berdi.

— Respublikada olib borilayotgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda avtomobil transportining o‘rni beqiyos. Bu borada Hukumatimiz tomonidan avtomobil transporti xizmatlari sifatini yaxshilash va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning joriy yildagi PQ-3589-sonli va Vazirlar Mahkamasining 9-iyundagi 434-sonli qarorlarida Agentlikka axborot-kommunikatsion texnologiyalarni va innovatsion yondoshuvlarni keng qo‘llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etish vazifasi yuklandi – deydi, Agentlik boshlig‘i D.Dehqonov.

— Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan avtotransport sohasida axborot texnologiyalarini joriy etib, jamoat avtotransportini yo‘nalishlarda ishlashini nazorat qilish maqsadida “Yagona dispetcherlik markazi tizimini joriy etish” dasturiy mahsulotni ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqilib, loyihalarni boshqarish milliy agentligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Mazkur loyihaga muvofiq joriy yil yakuniga qadar Agentlikning markaziy apparatida Yagona dispetcherlik markazi va viloyat markazlarida hududiy dispetcherlik pultlari ishga tushiriladi. Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar markazlarida 3500 ta avtobusga masofadan turib nazorat qilish maqsadida GPS qurilmalari o‘rnatiladi. Mazkur loyiha doirasida 5 mlrd.so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

“Umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar tashish transportida yo‘l haqini yagona avtomatlashtirilgan to‘lash tizimini joriy etish” yuzasidan dasturiy mahsulotni ishlab chiqishga texnik topshiriq tayyorlash bo‘yicha “UNICON.UZ” DUK tashkiloti bilan shartnoma tuzildi.

Mazkur tizimni dasturiy ta’minotini yaratish bo‘yicha “Mikroelektronika Plyus” MChJ, “Yagona Xalqaro Protsessing Markazi” MChJ, “Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi” MChJlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni o‘rganib chiqish va tegishli takliflar tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida joriy yil yakuniga qadar Agentlikning markaziy binosida unumdorligi yuqori serverlardan iborat “Ma’lumotlarni qayta-ishlash markazi”ni tashkil etish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 3500 ta avtobuslarga elektron to‘lov tizimi qurilmalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida ma’ruzachi, 2018-yilning yanvar-iyun oylari yakunida respublikaning barcha avtomobil transporti vositalari bilan jami 504,0 mln. tonna yuk va 2 mlrd. 819 mln. yo‘lovchi tashilib, ushbu ko‘rsatkich 2017-yilning shu davriga nisbatan tegishli ravishda 104,6 va 102,2 foizga o‘sganligini, yuk aylanmasi 6 mlrd. 488 mln. tonna km.ni (2017-yilga nisbatan 102,9 foiz), yo‘lovchilar aylanmasi esa 59 mlrd. 846 mln. yo‘lovchi km.ni (2017-yilga nisbatan 102,3 foiz) tashkil qilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Anjuman davomida ma’ruzachi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, chet ellarga borib ishlovchilarni Rossiya va Qozog‘iston Respublikasi shaharlariga yetkazib qo‘yish maqsadida, Agentlik va “Milliy bank” tomonidan yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlarda tashishga ixtisoslashtirilgan “O’zavtotrans Servis” MChJ tashkil etildi.

Ushbu korxona joriy yilning oxiriga qadar kamida 100 dona ko‘po‘rinli avtobuslar xarid qilib, respublika xududlaridan Rossiya va Qozog‘istonga yo‘lovchilarni tashishni boshlaydi.

Bundan tashqari, Rossiya yo‘nalishida yo‘lovchilarni avtobuslarda muntazam tashishni tashkil etish maqsadida Qozog‘iston bilan “Uz-Kaz- Avtotrans” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda joriy yilda 4 ta xalqaro “Toshkent – Olmaota”, “Toshkent – Chimkent”, “Toshkent – Bishkek” va “Toshkent – Xo‘jand” avtobus yo‘nalishlari ochilib, avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

Shu kungacha ushbu yo‘nalishlarda 40 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilgan.

Bundan tashqari qo‘shni respublikalarga yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda bular:

Tojikiston Respublikasiga “Termiz – Dushanbe”, “Denov – Dushanbe”, “Samarqand – Panjikent” va “Samarqand – Dushanbe” avtobus yo‘nalishlari;

Qozog‘iston Respublikasiga “Toshkent – Qizilo‘rda”, “Toshkent – Turkiston”, “Nukus – Aktau”, “Toshkent – Taroz” yo‘nalishlari;

Qirg‘iziston Respublikasiga “Andijon – O’sh”, “Toshkent – Issiq ko‘l” yo‘nalishlari;

Rossiya Federatsiyasiga “Toshkent – Nijniy novgorod”, “Toshkent – Omsk”, “Toshkent – Ufa – Kazan” va boshqa yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha tegishli qatnov hujjatlari ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda kelishilmoqda.

Matbuot anjumanida shuningdek, quyidagi raqamlar ham keltirib o‘tildi:

2018-yilning 6 oyi davomida Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga 2208 ta litsenziya va 119253 ta litsenziya varaqalari berildi.

2018-yilning 1-iyul holatiga litsenziyalangan avtomobillar soni 113927 tani tashkil etdi.

Me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish va institutsional o‘zgarishlar bo‘yicha Agentlik tomonidan 2018-yil yanvar – iyun oylari davomida jami 14 ta (shundan 7 ta normativ – huquqiy va 7 ta normativ hujjat) ishlab chiqilib, amalga joriy etildi.

Anjuman so‘ngida D.Dehqonov jurnalistlarni sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish borasida hamkorlik qilishga chaqirdi. Shuningdek, mehmonlar ham xalq manfaati yo‘lidagi bunday hamkorlikka hamisha tayyor ekanliklarini bildirishib, o‘zlarining barcha savollariga batafsil mutaxassis javobi berilgani uchun o‘z minnatdorchiliklarini ham izhor etdilar.

Matbuot anjumanida respublikamizning yetakchi matbuot nashrlari, radio va teledasturlar muxbirlari, Toshkent shahar va viloyat boshqarmasi boshliqlari hamda Agentlik faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etishdi.


0725.jpg

1.jpg

2.jpg

0772.jpg

0782.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech