Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
1 Fevral 2019 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi Axborot xizmati 197

Qozog‘iston bir tomonlama tartibda o‘z hududi orqali xalqaro tranzit yo‘nalishidagi “Bishkek-Toshkent” avtobus qatnovini to‘xtatib qo‘yganligi haqidagi xabar OAVda tarqaldi. Shu munosabat bilan O’zbekiston avtomobil transporti agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi:

“Bishkek-Toshkent” xalqaro avtobus qatnovi – o‘tgan yilning may oyidan e’tiboran muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur tranzit yo‘nalishi qo‘shni Qozog‘iston hududi orqali o‘tadi. Yo‘nalish uzunligi 601 km bo‘lib, avtobus to‘rtta chegara postlaridan o‘tadi: Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasidagi «Chaldovar» hamda «Supatay Botir», shuningdek, Qozog‘iston va O’zbekiston chegarasidagi «Jibek Joli» hamda «G’isht ko‘prik».

Yangi ochilgan "Toshkent - Bishkek" xalqaro avtobus yo‘nalishi harakat jadvaliga qish mavsumida Qirg‘iziston tomonidan o‘zgartirish kiritilishi natijasida ushbu qatnov “Darxan- Bishkek” harakat jadvaliga mos kelib qolgan. Bu esa o‘z navbatida yo‘lovchilar oqimiga ta’sir etib, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashuvchilari o‘rtasida bahsga sabab bo‘lgan. Qozog‘iston tomoni mazkur masalaga oydinlik kiritish va ikki tomon tashuvchilari manfaatlarini hisobga olgan holda "Toshkent- Bishkek" yo‘nalishining harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritilgunga qadar avtobuslar harakatlanishini vaqtinchalik to‘xtatgan. Hozirda Qirg‘iziston tomoni Bishkekdan avtobuslarning chiqish vaqtiga o‘zgartirish kiritish borasida ish olib bormoqda.

Kelajakda bu kabi muammolarning yuzaga kelmasligini oldini olish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O’zbekistonning vakolatli davlat organlari tomonidan muzokaralar olib borilmoqda.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech