Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 Mart 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi Axborot xizmati 670

Joriy yilning 14-mart kuni O’zbekiston milliy matbuot markazida O’zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g‘oyasi asosida «Avtomobil transportida yuk va yo‘lovchi tashishni tashkil etish va takomilashtirish, bu borada xavfsizlikni ta’minlash, transport vositalari faoliyatini yaxshilash, transportlarning texnik sozligi, haydovchilar salomatligi, baxtsiz yo‘l transport xodisalarini oldini olish borasidagi ishlar tahlili»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Agentlik boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Shovahobov respublika ommaviy axborot vositalari vakillariga mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.

— Iqtisodiyotni jadal sur’atlarda va mutanosib rivojlantirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘liq erkinlik berish, bu borada barcha to‘siqlar va cheklashlarni qisqartirish, xizmatlar sifatini oshirish va barqaror o‘sishini ta’minlash yuzasidan belgilab berilgan islohotlar strategiyasi, ya’ni jamiyatni isloh etishning mashhur besh tamoyili avtomobil transporti sohasini ham rivojlantirish dasturining negizini tashkil etadi, - deb o‘z ma’ruzasini boshladi, O’zbekiston avtomobil transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobov.

0408.JPG

Avtoransport xizmatlari va servisni rivojlantirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish, aholiga, xususan qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmatlari va servis darajasi va sifatini yaxshilash doirasida yo‘nalishli transport tarmog‘i rivojlanmoqda.

Jumladan, 2017-yilda 125 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tashkil etilib, ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish uchun jami 652 ta, shu jumladan 326 ta avtobus, 46 ta mikroavtobus va 270 ta “Damas” rusumli avtotransport vositalari biriktirildi.

Avtotransport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik va yengilliklar yaratish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 238-sonli qarorining 4-ilovasi 5-bandi bilan avtomobil transportida litsenziyalash tartibi soddalashtirildi. Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlariga shaharlararo yuk va yo‘lovchi tashish uchun litsenziya berishga qaror qabul qilish va litsenziya (litsenziya varaqalari)ni berish joylardagi Agentlikning hududiy boshqarmalari vakolatiga berildi, hamda avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan 3 ta qismi qisqartirildi va litsenziya (litsenziya varaqasi)ni qayta rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirildi.

0407.JPG

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 739-sonli qaroriga asosan, avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan qismlari yana 2 taga qisqartirildi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori Markaziy bankning amaldagi dollar kursidan eng kam oylik ish haqining tegishli barobar qiymatiga o‘tkazildi.

Tadbirkorlarga xalqaro yuk tashish huquqini beruvchi litsenziya (litsenziya varaqasi) bilan shaharlararo yo‘nalishlarda yuk tashish huquqi berildi.

Shuningdek anjumanda O’zbekiston Respublikasi IIVning Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2017-yil davomida respublika yo‘l transport hodisalari soni 2016-yilga nisbatan 2.2 foizga, halok bo‘lganlar soni 1.5 foizga va jarohat olganlar soni esa 1.7 foizga kamayganligi ta’kidlanib, xarakat xavfsizli haqida ham ma’lumot berildi.

Jumladan, Agentlik inspektorlari tomonidan xarakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida avtobus, mikroavtobuslar va yo‘nalishli taksi sifatida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan “Damas” rusumli avtomobillarni, shuningdek yo‘nalishsiz taksilarni ertalabki ishga chiqishlaridan oldin texnik ko‘rikdan, haydovchilarning esa kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari qat’iy nazoratga olingan.

Barcha transport turlari tomonidan tashishlar amalga oshirilishi jarayonida yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga yetkazilgan zarar qoplanishini kafolatlash maqsadida O’zbekiston Respublikasining “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hayotga tadbiq qilingani yana bir e’tiborli jihatdir.

Tashuvchilarni fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish uchun maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan respublikadagi 10 ta sug‘urta kompaniyaning hududiy filiallari tomonidan 2017 yil davomida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘illanayotgan 18506 ta avtotransport vositasi sug‘urtalangan.

Bugungi kunda avtotransport infratuzilmasini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, energiya sarfi samaradorligini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va madaniyatini yanada oshirish sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etishni taqazo etmoqda. Shu munosabat bilan Sh.Shovahobov Agentlikning bu boradagi keng qamrovli rejalari va loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, 2018-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va shaharlarda yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, avtobuslar GRS onlayn monitoring tizimiga ulanadi.

2018-yilda Agentlik tadbirkorlik sub’ektlariga litsenziya varaqalarini elektron ko‘rinishda berish tizimini joriy etish choralari ko'rilmoqda. Bundan tashqari, Yagona integrallashtirilgan axborot tizimini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ichki ishlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Adliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari bazalari bilan bog‘lash mo‘ljallanmoqda.

Joriy yil davomida Agentlik tomonidan avtomobilda xalqaro tashishlarga ruxsatnomalarni almashish kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va foydalanish bo‘yicha ham avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Agentlik vakillari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Integratsiyalashgan transport boshqaruvi tizimi Kontseptsiyasi va Bitimini ishlab chiqish va qabul qilishda qatnashishi belgilangan. Ushbu jarayonda tashkilotga a’zo davlatlar bilan integratsiyalashgan transport boshqaruvi tizimini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borish, investitsiyaviy dastur loyihasini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini ko‘rib chiqish kabi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining avtomobilda tashuvlarni litsenziyalash, noqonuniy taksilar faoliyatiga chek qo‘yish, xalqaro faoliyat, sohada tadbirkorlarga yengilliklar va Agentlikning boshqa faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha bergan savollariga Agentlik boshlig‘i o‘rinbosari va mutaxassislari tomonidandan to‘laqonli javoblar berildi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech