Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 Iyul 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 214

Aytish joizki, hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiya muammosidir. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga ko‘tarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lishi, balki o‘tish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug‘dirishi barchaga ma’lum.

1234.JPG

Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy e’tibor qaratib kelinayotir. O’tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza va tizimli amaliyot shakllandi. Eng avvalo, respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOSning Korruptsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi, Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi, xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya, Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda.

Korruptsiyaga qarshi kurash sohasida xabardorligi darajasini oshirish va ularga axborot berish maqsadida joriy yilning 21 iyul kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida “Korruptsiyaga qarshi kurash” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Agentlikning Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Azamat Nazarov olib bordi.

Korrupsiya tadbiri 07.21..JPG

Ma’ruzachi, korrupsiya mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazuvchi, demokratik institutlarni zaiflashtiruvchi, ijtimoiy tartibni buzuvchi va jamiyat ishonchini poymol etuvchi illat sifatida e’tirof etib, uning oldini olish va unga barham berishda davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati o‘zaro hamkorligining zarurligini ta’kidladi.

O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek: "Bugungi kunda faqat iqtisodiyotga emas, balki, eng avvalo, respublikaning siyosiy va xalqaro nufuziga, jamiyatimizning ma’naviy-axloqiy nufuziga katta zarar yetkazayotgan eng xavfli illat – korrupsiyadir. U ayrim hollarda o‘ta xavfli tusga kirmoqda".

Ma’ruza mavzu yuzasidan savol-javob va qizg‘in munozaralarga ulanib, yig‘ilganlar juda zarur ijtimoiy-huquqiy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Tadbirda Agentlik Markaziy apparati, ATRNTT Respublika markazi, Avtodaryotrans-Ilm davlat ilmiy-metodik markazi, Agentlikning Toshkent shahri va viloyati hududiy bo‘limlari xodimlari ishtirok etishdi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech