Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27 Iyul 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi axborot xizmati 135

Qashqadaryo viloyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724-sonli “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi bajarilishi barobarida viloyatda turizm sohasini rivojlantirish yuzasidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qarshi tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Sharofiddin Nurillo” MChJ tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan 2 dona (har birining umumiy bahosi 89000 AQSh dollari) Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy “GOLDEN DRAGON” rusumli yumshoq o‘rindiqli avtobus olib kelindi.

Ushbu avtobuslar o‘zining tashqi ko‘rinishi, avtobus salonining shinamligi, o‘rindiqlar holatini turli o‘lchamlar bo‘yicha o‘zgartirish mumkinligi va jahon standartlariga to‘liq javob berishi bilan yo‘lovchilarga qulayliklar yaratadi.

Jamiyat rahbari N. Nomozovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu avtobuslar bilan xorijiy davlatlardan O’zbekiston Respublikasi, xususan Qarshi, Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shahriga tashrif buyuradigan sayyohlarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlari ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Kelgusida “Sharofiddin Nurillo” MChJ tomonidan yana xuddi shunday 2 dona zamonaviy avtobus xarid qilinadi va ochilishi ko‘zda tutilgan “Qarshi-Moskva” xalqaro avtobus yo‘nalishiga biriktirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun “Sharofiddin Nurillo” MChJ o‘z faoliyatini 2003-yilda tashkil etgan bo‘lib, hozirgi kunda korxona balansida jami 96 ta turli rusumdagi avtobuslar, 7 ta qishloq xo‘jaligi traktorlari, 18 ta traktor tirkamalari va 2 ta katta hajmli yuk avtomobillari mavjud bo‘lib, jamiyat tomonidan 195 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan.



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech