Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
16 Yanvar 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 337

O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017-yil 23-martda Ostona shahrida 2006-yil 20-martdagi imzolangan xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma ijrosini ta’minlash doirasida O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan, Qozog‘iston Respublikasi investitsiya va rivojlanish vazirligining transport Qo‘mitasi bilan hamkorlikda xalqaro avtobus yo‘nalishining ochilishi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Xalqaro avtomobil qatnovlari masalalari bo‘yicha O’zbekiston va Qozog‘iston Qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi davomida (2017-yil 24-25-avgust Ostona shahri) erishilgan kelishuvlarga muvofiq, “Toshkent – Chimkent – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishini ochish bo‘yicha zarur yo‘nalish hujjatlari tayyorlandi.

Mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish uchun O’zbekiston tomonidan tashuvchi sifatida “MANZARA TOURIZM” MChJ tanlab olindi va ushbu korxona hamda Qozog‘iston tashuvchisi “Kaz Network Bus” MChO’ o‘rtasida Qozog‘iston Respublikasi hududida avtobuslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha (avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, qo‘riqlash va avtobuslarni yuvish) o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Shuningdek, tashuvchilar tomonidan avtobuslarda yo‘lovchilarni muntazam tashish doirasida “Toshkent – Chimkent – Toshkent” avtobus yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Chimkent shahridagi “ShKAAV” va Toshkent shahridagi “Toshkent” avtovokzallari bilan shartnomalar tuzildi.

Yo‘nalish masofasi 145,2 kilometrni va yo‘ldagi vaqt 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarga qatnovlar davomida “G’isht ko‘prik” (O’zbekiston) va “Jibek Joli” (Qozog‘iston) chegara-o‘tkazish punktlarida chegara va bojxona tekshiruvlaridan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt kiritilgan.

Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l kira haqi tashuvchilar tomonidan 80 ming so‘m va 3350 tenge etib belgilangan.

Avtobuslar harakat jadvallariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, tomonlar chegarachilari va bojxonachilari “G’isht ko‘prik” (O’zbekiston) va “Jibek Joli” (Qozog‘iston) chegara-o‘tkazish punktlaridan “Toshkent – Chimkent – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha safardagi yo‘lovchilar va avtobuslarning chegara va bojxona tekshiruvi jarayonlarini ustuvor tartibda amalga oshirish masalalarini hal etdilar. Bu esa, yo‘lovchilar uchun muhim ahamiyatga egadir.

“Toshkent – Chimkent – Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishining ochilish marosimi 2018-yil 5-yanvarda bo‘lib o‘tdi, muntazam qatnovlar esa, joriy yilning 8-yanvaridan boshlandi.

Birinchi kuni soat 06:00 va 07:00 dagi qatnovlarga yo‘lovchilar bo‘lmadi, soat 08:00 dagi qatnovga Toshkentdan 24 ta yo‘lovchiga va Chimkentdan 7 ta yo‘lovchiga chiptalar sotildi.

Kundan kunga ikki tomondan ham yo‘lovchilar soni ko‘paymoqda. Masalan, joriy yilning 13-yanvarida Toshkent avtovokzalidan 08:00 dagi qatnovga 38 ta, “ShKAAV”avtovokzalidan 10 ta chiptalar sotilgan.

Yo‘lovchi uchun tanlov imkoni mavjud:

har tomonlama qulay, shinam avtobuslarda xavfsizlik ta’minlanishi, ikki davlat chegara nazorat maskanlaridan ustuvor tartibda o‘tilishi, harakat tezligiga rioya etilishi, tashuvchilar sug‘urtalanishi va haydovchilar ishining “GPS” tizimi orqali nazoratda bo‘lishi ta’minlangan holda yurish;

yohud chegara maskanlarigacha haydovchining ichmaganligi, avtomobilning texnik sozligi kafolatisiz, sug‘urtasiz va xavfsizlik ta’minlanmagan holda, noqonuniy avtomobillarda yetib olish hamda bojxona tekshiruvlaridan umumiy tartibda navbatda turgan holda o‘tish.

Avtobuslardagi yo‘l kira haqi, tashuvchilarning avtobuslardan foydalanish, ularni texnik soz holda saqlash, yonilg‘i-moylash materiallari, yo‘lovchilar sug‘urtasi, haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan va avtobuslarning texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, avtovokzallar xizmatlari, soliqlar to‘lovlari, majburiy to‘lovlar va haydovchilarning ish haqlarini hisobga olgan holda belgilangan.

Yo‘lovchilarga qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan avtobuslar xizmatidan foydalanishni tavsiya etamiz.

“Toshkent” avtovokzalida chiptalarni oldindan sotish tashkil etilgan (ma’lumot uchun telefon: 279-74-44).


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech