Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 May 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi Axborot xizmati 111

O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2018-yil 9-10-martda Tojikiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish maqsadida, 2018-yil 13-aprel kuni xalqaro avtomobil tashishlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-tojik vakolatli organlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bayonnomani amalga oshirish doirasida “O’zavtotrans” agentligi tomonidan Tojikiston Respublikasi transport vazirligi bilan hamkorlikda “Toshkent-Xo‘jand-Toshkent” xalqaro avtobus yo‘nalishini ochish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Tashuvchilar sifatida O’zbekiston tomonidan «MANZARA TOURISM» MChJ va Tojikiston tomonidan «Xolding Aziya grupp Tadjikistan» YoAJ belgilab olindi.

«MANZARA TOURISM» MChJ «Xolding Aziya grupp Tadjikistan» YoAJ bilan Tojikiston Respublikasi hududida avtobuslarga o‘zaro xizmat ko‘rsatish (avtobuslarning texnik ko‘rigi, haydovchilarning tibbiy ko‘rigi, avtobuslarni qo‘riqlash va yuvish) to‘g‘risida shartnoma tuzildi.

Yo‘nalish masofasi 174,0 km.ni va yo‘ldagi vaqt 4 soat 35 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarda “Oybek” (O’zbekiston) va “Fotexobod” “Tojikiston” maskanlarida bojxona va chegara nazoratidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt kiritilgan.

Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 50 ming so‘m va tegishli ravishda 50 somoniy etib belgilangan.

“Toshkent-Xo‘jand” xalqaro avtobus yo‘nalishining ochilishi 2018-yil 15-may soat 08:00da “Toshkent” avtovokzalida bo‘lib o‘tadi va muntazam avtobus qatnovlari joriy yilning 17-may sanasidan “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshirila boshlaydi.

“Xo‘jand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslar qatnovi “Xo‘jand” avtovokzalidan amalga oshiriladi.

Mazkur yo‘nalishga xizmat ko‘rsatishda o‘zbek tomonidan tashuvchi «MANZARA TOURISM» MChJ “MAN” (Germaniya) va “Higer” rusumli (Xitoy) avtobuslaridan, tojik tomonidan esa, tashuvchi «Xolding Aziya grupp Tadjikistan» YoAJ “MAN” rusumli (Germaniya) avtobuslardan foydalanadi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech