Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
3

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining markaziy apparati, hududiy bo‘limlari, uning tizimiga kiruvchi tashkilotlarida jismoniy, shuningdek, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi

N I Z O M


I.Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga (keyingi o‘rinlarda Qonun deb ataladi) muvofiq O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi markaziy apparati, hududiy bo‘limlari va tarkibiy tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (keyingi o‘rinlarda murojaat deb ataladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.

2. Qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Agentlikka murojaat qilish huquqiga ega.

3. Ushbu Nizomning amal qilishi:

ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, xo‘jalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

Agentlikning, shuningdek uning hududiy bo‘limlari va tarkibiy tashkilotlarining o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;

shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;

anonim murojaat — jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;

murojaatning dublikati — aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;

takroriy murojaat — avvalgi murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytda ko‘rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan bo‘lsa, avvalgi murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;

elektron murojaat — elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklidagi murojaat.

5. Murojaatlar og‘zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin.

Agentlikning «ishonch telefoni»ga kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqiladi.

Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali yoki Agentlikning rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

O’zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Hukumat portali) orqali kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 378-son qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizom talablari hisobga olingan holda ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

6. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.

7. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

8. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yozma murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat qiluvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi lozim. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

9. Murojaatlarni berish muddatlari, qoidaga ko‘ra, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar bu davlat organining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra, tegishli davlat organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Bo‘ysunuv tartibida yuqori organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.

10. Agentlikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

11. Agentlik ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilishi mumkin.

II. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

12. Agentlida murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish Agentlik kantselyariyasining mas’ul xodimi tomonidan amalga oshiriladi.

13. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo‘lgandan keyin tushgan taqdirda esa — navbatdagi ish kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi kerak.

14. Yozma va elektron (qog‘ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasini to‘ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismida ro‘yxatga olish shtampini qo‘yish yo‘li bilan Agentlik kantselyariyasida ro‘yxatga olinadi.

Murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, uning manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi, nazoratga olinganligi to‘g‘risidagi belgi, ijrochi etib belgilangan bo‘lim yoki mutaxassisning nomi, sana ko‘rsatilgan holda ijro etish to‘g‘risidagi belgi ko‘rsatiladi.

Qayd etish shtampida Agentlikning rasmiy nomi, murojaatning kelib tushgan sanasi va qayd raqami ko‘rsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

15. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.

Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalarning yo‘qligi aniqlanganda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri Agentlikda qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha jo‘natiladi.

Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo‘natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinishi mumkin.

16. Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i yoxud boshqa mas’ul xodim, shuningdek Agentlik hududiy bo‘limlari boshliqlari yoki tarkibiy tashkilotlarining rahbarlari yoxud boshqa mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasi to‘ldiriladi. Hisobga olish kartochkasi og‘zaki murojaat sifatida ro‘yxatga olinadi.

17. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari davlat organiga og‘zaki murojaat etishganda ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq to‘ldirilgan hisobga olish kartochkasiga ilova qilinishi kerak.

18. Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay Agentlik boshlig‘iga, uning o‘rinbosariga, hududiy bo‘lim boshlig‘i yoki tarkibiy tashkilot rahbariga kiritiladi, u mas’ul tarkibiy bo‘linmani (xodimni) belgilagan holda murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qo‘yadi.

19. Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida Agentlik kantselyariyasi yoki murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodim murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linmaga (xodimga) imzo qo‘ydirgan holda beradi.

20. Agentlikka kelib tushgan murojaatlar ish yurituviga qabul qilinishi, uning hududiy bo‘limi yoki tarkibiy tashkilotiga yuborilishi yoki tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga yuborilishi mumkin.

21. Agentlik vakolatiga kirmaydigan masalalar kelib tushganda ushbu murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay Agentlik boshlig‘i, uning o‘rinbosari, hududiy bo‘lim boshlig‘i yoki tarkibiy tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni ko‘rib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.

22. Agentlikning hududiy bo‘limi yoki tarkibiy tashkiloti tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan Agentlik boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi kerak.

23. Agar murojaatda bir nechta hududiy bo‘lim yoki tarkibiy bo‘linmaga tegishli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijro etuvchilar etib belgilanadi. Ijro etuvchilar orasida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan hududiy bo‘lim yoki tarkibiy bo‘linma boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda murojaat ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

24. Murojaatni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiquvchi hududiy bo‘lim yoki tarkibiy bo‘linma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek Agentlikning vakolatlari doirasida — belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin.

25. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda Agentlik yoki hududiy bo‘lim murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqishni ta’minlashi mumkin. Murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqish Agentlik boshlig‘i yoki o‘rinbosarining topshirig‘i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.

26. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular Agentlikning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda Agentlikning mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboradi.

27. Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun Agentlik tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.

28. Zarur hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Agentlik tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

29. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Agentlik tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni Agentlik markaziy apparatida — boshliq, uning o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari; viloyat hududiy bo‘limlarida — bo‘lim boshlig‘i qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.

30. Murojaatga javob xati Agentlik boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari, joylarda tarkibiy bo‘linma rahbarlari, hududiy bo‘limlar boshliqlari tomonidan imzolanadi.

Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

31. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.

32. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.

Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

33. Agar murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin kelib tushsa, u holda davlat organi murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

34. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan rahbar yoki mansabdor shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

35. Yuqori davlat organining nazoratida turgan murojaatlar bo‘yicha Agentlikdan murojaat qiluvchiga yuborilgan javob xatining nusxasini ilova qilgan holda murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yuqori davlat organiga yozma shaklda xabar beriladi.

36. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilgunga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat Agentlikning xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza Agentlik tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

37. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

III. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

38. Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni bo‘yicha hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari Agentlik boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

39. Taklif Agentlikka kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

40. Ayrim hollarda Agentlik boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishlari mumkin.

41. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular Agentlikka kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

IV. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

42. Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

  • anonim murojaatlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
  • qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

43. Murojaatni anonim deb e’tirof etish Agentlik apparati rahbari va kantselyariyasi yoki murojaatni ko‘rib chiquvchi hududiy bo‘lim tomonidan amalga oshiriladi.

Murojaat anonim deb e’tirof etilganda bu haqda xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb e’tirof etish uchun asoslar ko‘rsatiladi. Murojaatni anonim deb e’tirof etish to‘g‘risidagi xulosa Agentlik apparati rahbari yoki hududiy bo‘lim boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlikning «ishonch telefonlari»ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb e’tirof etilishi mumkin.

Anonim deb e’tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.

44. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, Agentlik kantselyariyasi yoki hududiy bo‘lim ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.

Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda murojaatlar Agentlik apparati rahbari yoki hududiy bo‘lim boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko‘rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.

V. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish

45. Agentlikda va uning tarkibiy tashkilotlari va hududiy bo‘limlarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning yuridik vakillarini qabul qilish Agentlik boshlig‘i yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

46. Agentlikda jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari Agentlik boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan qabul qilinadi.

Agentlikda, zaruriyat bo‘lganda, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.

47. Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilish, shuningdek ma’muriy binoda hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa — o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.

48. Kantselyariyaning mas’ul xodimi qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.

49. Agentlikda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha kantselyariyaning mas’ul xodimi yoki tegishli xodimlar ishtirokida amalga oshiriladi.

50. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi rahbar yoki vakolatli shaxsning ko‘rsatmasi bo‘yicha Agentlikning boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.

51. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish Agentlikning vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.

52. Agentlik boshlig‘i yoki uning boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

53. Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida Agentlikning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.

54. Sayyor shaxsiy qabullar Agentlik boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilishi mumkin.

55. Sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot ushbu Nizomning 47-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

56. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

VI. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlari

57. Murojaat Agentlik tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.

58. Agentlikning murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:

jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi;

murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi;

murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.

Agentlikning mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.

VII. Murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish.

Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

59. Agentlik kantselyariyasining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masul xodimi Agentlikning tarkibiy tashkilotlari va hududiy bo‘limlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida va zarur tarzda ko‘rib chiqilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi.

Agentlik kantselyariyasining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masul xodimi murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi tarkibiy tashkilotlar va hududiy bo‘limlar tomonidan buzilishi to‘g‘risida Agentlik rahbariyatini darhol xabardor qiladi.

Agentlik kantselyariyasining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masul xodimi monitoring natijalari bo‘yicha har oyda Agentlik boshlig‘iga murojaatlar ko‘rib chiqilishining holati to‘g‘risidagi axborotni, zaruriyat bo‘lganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.

60. Agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni ta’minlaydi.

Tahlil natijalari bo‘yicha Agentlik kantselyariyasining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masul xodimi yoki hududiy bo‘lim Agentlik boshlig‘iga Agentlikda murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonuniyligini ta’minlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

VIII. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik

61. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun ta’qib qilish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

62. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni ta’minlash uchun javobgarlik Agentlik boshlig‘i va uning o‘rinbosariga, Agentlikning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masul xodimlari, tegishli tarkibiy tashkilotlar rahbarlari hamda hududiy bo‘limlar boshliqlariga yuklanadi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech